Mundarija (35)
- Bu darsda
- 1. Nega bu kerak?
- 2. Ushlanmagan xato nima
- 2.1 Sinxron xato: Uncaught
- 2.2 Asinxron xato: Uncaught (in promise)
- 2.3 try/catch nega ushlamadi
- 3. Brauzer: global tinglovchilar
- 3.1 Oxirgi himoya chizig'i
- 3.2 Foydalanuvchiga aytish
- 3.3 unhandledrejection hodisasi ichida nima bor
- 3.4 preventDefault() — "men hal qildim"
- 3.5 error hodisasi va window.onerror
- 3.6 Uchta nozik holat
- 4. Node: dastur to'xtaydi
- 4.1 Brauzerdan katta farq
- 4.2 process.on: oxirgi chiziq Node'da
- 4.3 Qayd qiling — va to'xtating
- 5. Xatolarni qayd etish (loglash)
- 5.1 Nimani yozish kerak
- 5.2 Yuborish va cheklash
- 5.3 Tayyor xizmatlar
- 6. Hujumchi nigohi
- 7. Ko'p uchraydigan xatolar
- 7.1 Global tinglovchini catch o'rniga ishlatish
- 7.2 await siz try
- 7.3 uncaughtException dan keyin davom etish
- 7.4 Tinglovchi ichidagi xato
- 7.5 Har doim preventDefault()
- 8. Mashqlar
- 1-mashq (oson): Ushlanadimi?
- 2-mashq (o'rta): Bir martalik ogohlantirish
- 3-mashq (qiyin): Xato kuzatuvchi
- 9. Real ishda
- Xulosa
- Manbalar
JavaScript ushlanmagan xatolar: unhandledrejection, window.onerror va process.on
Qisqacha: Hech qaysi
try/catchushlamagan xato ushlanmagan deyiladi. Brauzer uni konsolgaUncaught ...(Promise bo'lsa —Uncaught (in promise) ...) deb yozadi va sahifa ishlashda davom etadi. Node esa dasturni to'xtatadi. Oxirgi himoya chizig'i — global tinglovchilar: brauzerdawindow.addEventListener("error", ...)va"unhandledrejection", Node'daprocess.on("uncaughtException")va"unhandledRejection". Ular xatoni tuzatmaydi — qayd qiladi va foydalanuvchiga tushunarli xabar beradi.
Bu darsda
- Ushlanmagan xato va ushlanmagan rad etilish (rejection) nima ekanini, konsoldagi
UncaughtvaUncaught (in promise)qayerdan kelishini tushuntira olasiz. - Brauzerda
errorvaunhandledrejectionhodisalarini tinglay olasiz,event.preventDefault()nimani o'zgartirishini bilasiz. - Node'da
process.on("uncaughtException")va"unhandledRejection"bilan ishlay olasiz va ulardan keyin nega dasturni to'xtatish kerakligini tushuntira olasiz. - Xatolarni foydali qilib qayd etadigan (loglaydigan) kichik funksiya yoza olasiz.
Oldin bilishingiz kerak: try / catch / finally, Xato strategiyasi, async / await, Asinxron iteratsiya.
1. Nega bu kerak?
Juma kuni kechqurun «Bahor» sayti orqali bron qilish to'xtab qoldi. Mehmonlar «Bron qilish» tugmasini bosadi — hech narsa bo'lmaydi. Ekranda xato yo'q, sahifa "tirik" ko'rinadi. Jasur aka buni ertasi kuni, bir necha mehmon telefon qilgandan keyin bildi.
Sardor DevTools'ni ochdi va konsolda qizil qatorni ko'rdi:
Uncaught (in promise) TypeError: Cannot read properties of undefined (reading 'sana')Xato bir kun oldin, yangi kod bilan paydo bo'lgan edi. Lekin uni faqat konsolni ochgan odam ko'radi — mehmonlar esa konsolni ochmaydi.
Bu darsda ikki savolga javob beramiz:
- Hech kim ushlamagan xato qayerga "ketadi" va brauzer hamda Node u bilan nima qiladi?
- Bunday xatolarni qanday qilib bilib turish mumkin — foydalanuvchi telefon qilishidan oldin?
Xato strategiyasi darsida "dasturchi xatosini ushlab yashirmang, qayta tashlang" degan edik va va'da bergandik: hech kim ushlamagan xatolar uchun "oxirgi himoya chizig'i" bor. Bugun shu chiziqni quramiz.
2. Ushlanmagan xato nima
2.1 Sinxron xato: Uncaught
throw va Error obyekti darsidan bilasiz: xato tashlanganda JavaScript chaqiruvlar stekida yuqoriga qarab eng yaqin try/catch ni qidiradi. Topsa — catch bajariladi. Stekning eng tagigacha borib, hech qanday catch topmasa — xato ushlanmagan (uncaught) bo'ladi.
1-skript boshlandi
Uncaught TypeError: Cannot read properties of null (reading 'taomlar')
2-skript ishladiUch narsaga qarang:
Uncaught— "ushlanmagan". Brauzer xatoning oldiga shu so'zni qo'shadi: "buni hech kim ushlamadi". Xatoning o'zi —TypeError: Cannot read properties of null (reading 'taomlar'), ya'ni "nullningtaomlarxususiyatini o'qib bo'lmaydi".- Birinchi skript to'xtadi.
Bu qator chiqmaydihaqiqatan chiqmadi: xatodan keyingi kod bajarilmaydi. - Sahifa yashashda davom etdi. Ikkinchi skript ishladi. Brauzer faqat joriy task'ni to'xtatadi (Event loop). Keyingi task'lar — boshqa skriptlar, taymerlar, bosishlar — odatdagidek bajariladi.
Oxirgi nuqta muhim. Shuning uchun xato "ko'rinmaydi": sahifa ishlab turibdi, faqat bitta tugma yoki bitta funksiya jim buzilgan.
2.2 Asinxron xato: Uncaught (in promise)
Promise rad etilsa (rejected) va unga hech kim catch ulamasa, bu ham ushlanmagan xato — aniqrog'i, ushlanmagan rad etilish (unhandled rejection):
Menyu yangilanmoqda...
Uncaught (in promise) Error: Server javob bermadi
Sahifa ishlayaptiasync funksiya ichidagi throw funksiyani to'xtatmaydi — u funksiya qaytargan Promise'ni rad etadi (async / await). menyuniYangila() ni chaqirgan kod natijani await ham qilmadi, catch ham ulamadi. Shuning uchun brauzer "Promise ichida ushlanmagan" deb yozdi.
Qachon "ushlanmagan" deb hisoblanadi? Brauzer Promise rad etilgandan keyin microtask navbati bo'shashini kutadi (Event loop). Shu paytgacha catch ulanmasa — xabar chiqaradi. Ya'ni catch ni keyinroq, masalan taymer ichida ulash — kechikkan bo'ladi.
Tekshirib ko'ring:
Uncaught TypeErrorvaUncaught (in promise) TypeError— farqi nimada?
Javob
Birinchisi — oddiy, sinxron kodda tashlangan va hech qaysi try/catch ushlamagan xato. Ikkinchisi — rad etilgan Promise, unga hech kim catch (yoki try/catch ichida await) ulamagan. Xatoning o'zi bir xil bo'lishi mumkin; farq — u qayerda "yo'qolgani"da.
2.3 try/catch nega ushlamadi
try / catch / finally darsida bir tuzoqni ko'rgan edik: try taymer ichidagi xatoni ushlamaydi. Asinxron kodda bu tuzoq ko'p shaklda uchraydi:
async function bronniSaqla() {
throw new Error("Sana noto'g'ri");
try {
bronniSaqla();
} catch (xato) {
console.log("Ushlandi:", xato.message);
}Ushlandi chiqmaydi. bronniSaqla() xato tashlamaydi — u darhol rad etilgan Promise qaytaradi. try bloki muvaffaqiyatli tugaydi, rad etilish esa keyinroq, try dan tashqarida "uchib yuradi" — bu async / await darsidagi "suzib yurgan" (floating) Promise.
Tuzatish — await va async funksiya:
async function bronniSaqla() {
throw new Error("Sana noto'g'ri");
async function bronQil() {
try {
await bronniSaqla();
} catch (xato) {
console.log("Ushlandi:", xato.message);
bronQil();Konsolda:
Ushlandi: Sana noto'g'riawait rad etilgan Promise'ni yana throw ga aylantiradi — endi u try ichida sodir bo'ladi. Asinxron iteratsiya darsidagi Promise'lar massivi ham shu oila: rad etilgan Promise sikl unga yetib kelgunicha "egasiz" turdi.
3. Brauzer: global tinglovchilar
3.1 Oxirgi himoya chizig'i
Ushlanmagan xato bo'lganda brauzer konsolga yozishdan oldin window da hodisa chiqaradi. Uni tinglab, xatoni o'zingiz ham "ko'rishingiz" mumkin:
error— sinxron ushlanmagan xato uchun (va resurs yuklanmaganda — buni keyinroq ko'ramiz).unhandledrejection— ushlanmagan rad etilish uchun.
Sxemada xatoning yo'li:
flowchart TD
X["Xato tashlandi"] --> T{"Yaqinida try/catch
yoki .catch bormi?"}
T -- "ha" --> C["catch bajariladi
(xato ushlandi)"]
T -- "yo'q" --> P{"Promise ichidami?"}
P -- "yo'q" --> E["window: error
hodisasi"]
P -- "ha" --> U["window: unhandledrejection
hodisasi"]
E --> D{"preventDefault()
chaqirildimi?"}
U --> D
D -- "yo'q" --> K["Konsolda: Uncaught ..."]
D -- "ha" --> J["Konsol jim"]Ko'ryapsizmi: global tinglovchi catch ning o'rnini bosmaydi. U xato allaqachon yo'qolgandan keyin ishlaydi. Funksiya to'xtagan, bron saqlanmagan. Tinglovchi faqat ikki ish qila oladi: xatoni qayd etish va foydalanuvchiga aytish.
3.2 Foydalanuvchiga aytish
Sardor «Bahor» sahifasiga global tinglovchi qo'shdi. Kutilmagan xato bo'lsa, sahifa tepasida tushunarli xabar chiqadi:
«Bahor» — bron
Bron formasi shu yerda.
Uncaught (in promise) TypeError: Cannot read properties of undefined (reading 'sana')Endi mehmon jim buzilgan sahifa o'rniga aniq xabarni ko'radi va nima qilishni biladi. role="alert" — ekran o'quvchi (Malika ishlatadigan NVDA) xabarni darhol ovoz chiqarib o'qiydi.
Konsoldagi qizil qator joyida qoldi: tinglovchi xatoni ko'rdi, lekin brauzerning o'z xabarini to'xtatmadi. Bu yaxshi — dasturchi DevTools'ni ochganda xatoni baribir ko'radi.
Maslahat: Global xabar — "favqulodda chiroq". Har bir kutilgan xato (server band, internet yo'q) uchun esa o'z joyida
try/catchva aniq xabar bo'lsin: "Internet yo'q — bron saqlanmadi, qayta urining". Global tinglovchiga faqat siz kutmagan xatolar yetib borishi kerak.
3.3 unhandledrejection hodisasi ichida nima bor
Tinglovchi PromiseRejectionEvent obyektini oladi. Ikkita asosiy xususiyati:
event.reason— rad etilish sababi. OdatdaErrorobyekti, lekinPromise.reject("matn")bo'lsa — oddiy satr. Shuning uchunevent.reason.messagedeb to'g'ridan-to'g'ri yozish xavfli.event.promise— rad etilgan Promise'ning o'zi.
window.addEventListener("unhandledrejection", (event) => {
console.log("Ushlandi:", event.reason.message);
Promise.reject(new Error("Server javob bermadi"));Konsolda (Chrome 154):
Ushlandi: Server javob bermadi
Uncaught (in promise) Error: Server javob bermadiTartibga e'tibor bering: avval sizning tinglovchingiz, keyin brauzerning qizil xabari. Brauzer xabarni hodisadan keyin chiqaradi — chunki tinglovchi uni bekor qilishi mumkin.
Diqqat: Bu va keyingi bloklar ostida «Ishga tushir» tugmasi yo'q: ular
windowning global hodisalarini tinglaydi, sayt esa kodni o'z oynasida bajaradi. Ularni o'z sahifangizda (Live Server bilan) yoki DevTools konsolida sinang. Chiqishlar Chrome 154 da tekshirilgan.
3.4 preventDefault() — "men hal qildim"
Event obyekti va standart harakatlar darsida preventDefault() formaning yuborilishini to'xtatgan edi. Bu yerda u brauzerning standart harakatini — konsolga qizil xabar yozishni — to'xtatadi:
window.addEventListener("unhandledrejection", (event) => {
event.preventDefault();
console.log("Ushlandi:", event.reason.message);
Promise.reject(new Error("Server javob bermadi"));Konsolda (Chrome 154):
Ushlandi: Server javob bermadiQizil qator yo'q. Bu qachon kerak? Siz xatoni o'zingiz to'liq qayd qilganingizda va konsolda ikki marta ko'rinishini xohlamaganingizda. Ehtiyot bo'ling: preventDefault() ni har doim chaqirsangiz, dasturchi DevTools'da hech qanday xatoni ko'rmaydi. Ko'p jamoalar uni ishlatmaydi — konsoldagi xabar zarar qilmaydi.
3.5 error hodisasi va window.onerror
Sinxron xatolar uchun hodisa — error, obyekti — ErrorEvent. Unda ko'proq ma'lumot bor:
window.addEventListener("error", (event) => {
console.log(event.message);
console.log(event.filename, event.lineno, event.colno);
console.log(event.error instanceof Error);
setTimeout(() => {
const bron = null;
console.log(bron.sana);
}, 0);Konsolda (Chrome 154, Live Server'da asosiy.js fayli):
Uncaught TypeError: Cannot read properties of null (reading 'sana')
http://127.0.0.1:5500/asosiy.js 9 20
true
Uncaught TypeError: Cannot read properties of null (reading 'sana')message— matn. Chrome'da uUncaughtbilan boshlanadi.filename,lineno,colno— xato qaysi faylning nechanchi qatori, nechanchi ustunida.error—Errorobyektining o'zi,stack(stack trace) bilan (Stack trace). Qayd qilishda eng foydalisi shu.
Oxirgi qator — brauzerning o'z xabari, tinglovchidan keyin. Uni ham event.preventDefault() to'xtatadi.
Eski kodlarda xuddi shu tinglovchining boshqa shaklini uchratasiz — window.onerror xususiyati:
window.onerror = (xabar, fayl, qator, ustun, xato) => {
console.log("onerror:", xabar, qator, ustun);
return true;
};Ikki farqi bor. Birinchidan, u event emas, beshta alohida argument oladi. Ikkinchidan, return true — preventDefault() ning o'rnini bosadi. Bu xususiyatga faqat bitta funksiya yoziladi — boshqa kutubxona ham window.onerror = ... yozsa, sizniki o'chib ketadi. Shuning uchun yangi kodda — addEventListener.
3.6 Uchta nozik holat
Uncaught (in promise) Error: Menyu yuklanmadi
Uncaught (in promise) Error: Tarmoq yo'q
Uncaught Error: Taymerda xatoSahifada "Xatolar: 3" va bitta ogohlantirish. xatoniQaydEt event ni umuman o'qimaydi — shuning uchun reason satr bo'lsa ham xato bermaydi. ogohlantirish.hidden tekshiruvi — "faqat birinchi marta". Konsoldagi uchta qizil qator — brauzerning o'z xabarlari: biz preventDefault() chaqirmadik.
3-mashq (qiyin): Xato kuzatuvchi
Node'da xatoKuzatuvchiYarat(chegara) funksiyasini yozing. U ikki metodli obyekt qaytarsin:
qaydEt(sabab, manba)— yozuv qo'shadi. Bir xilxabarli xato qayta kelsa, yangi yozuv emas, mavjudiningsonioshadi. Har xil xabarlar sonichegaraga yetgach, yangilari e'tiborsiz qoladi.hisobot()— yozuvlar massivi ({ xabar, manba, soni }).
Uni process.on("unhandledRejection", ...) ga ulang va sinang: chegara = 2, to'rtta rad etilish — "Baza yo'q" ikki marta, "Kesh yo'q" va "Disk to'ldi" bir martadan. 100 ms dan keyin hisobotni chiqaring. Ishora: holatni closure'da saqlang (Closure amaliyotda), qidirish uchun find (HOF metodlari). Faylni kurs/mashqlar/11/14-xatolar/kuzatuvchi.mjs ga saqlang.
Yechim
function xatoKuzatuvchiYarat(chegara) {
const yozuvlar = [];
function qaydEt(sabab, manba) {
const xabar =
sabab instanceof Error ? sabab.message : String(sabab);
const bor = yozuvlar.find((y) => y.xabar === xabar);
if (bor) {
bor.soni++;
return;
if (yozuvlar.length >= chegara) {
return;
yozuvlar.push({ xabar, manba, soni: 1 });
function hisobot() {
return yozuvlar.map((y) => ({ ...y }));
return { qaydEt, hisobot };
const kuzatuvchi = xatoKuzatuvchiYarat(2);
process.on("unhandledRejection", (sabab) => {
kuzatuvchi.qaydEt(sabab, "unhandledRejection");
Promise.reject(new Error("Baza yo'q"));
Promise.reject(new Error("Kesh yo'q"));
Promise.reject(new Error("Baza yo'q"));
Promise.reject(new Error("Disk to'ldi"));
setTimeout(() => console.log(kuzatuvchi.hisobot()), 100);Konsolda:
{ xabar: "Baza yo'q", manba: 'unhandledRejection', soni: 2 },
{ xabar: "Kesh yo'q", manba: 'unhandledRejection', soni: 1 }
]"Disk to'ldi" yozilmadi — chegara 2 ga yetgan edi. Haqiqiy loyihada chegara 10–50, hisobot() esa serverga yuboriladi. hisobot nusxa qaytaradi ({ ...y }) — tashqi kod soni ni o'zgartira olmasin (Immutable yangilash).
Muhim: bu yechimda dastur xatolardan keyin to'xtamaydi — mashq uchun shunday. Server kodida esa «Qayd qiling — va to'xtating» bo'limidagi naqsh bilan birga ishlating.
git add 11/14-xatolar/kuzatuvchi.mjs
git commit -m "11/14: takrorlarni birlashtiradigan xato kuzatuvchi"9. Real ishda
- Xatolarni kuzatish xizmatlari. Sentry, Bugsnag, Datadog — deyarli har jiddiy saytda bor. Ichida —
errorvaunhandledrejectiontinglovchilari. O'zbekistondagi katta ilovalar (to'lov, yetkazib berish) ham xatolarni shunday kuzatadi: foydalanuvchi shikoyat qilishidan oldin jamoa xabar oladi. - Freymvorklar. React'dagi "Error Boundary" — komponent ichidagi xatolar uchun shu g'oyaning o'zi: buzilgan qism o'rniga zaxira ekran (React — 17-qismda). Node freymvorklarida — global xato middleware'i (har so'rov o'tadigan umumiy "xato ushlagich" funksiya; Node server darslarida).
- Serverlar.
process.on("uncaughtException")→ log → chiqish → Docker yoki PM2 qayta yoqadi. Bu — backend'dagi standart naqsh. - Intervyu. "Ushlanmagan Promise rad etilishi bilan Node nima qiladi?", "
try/catchasinxron xatoni qachon ushlaydi?", "uncaughtExceptiondan keyin nega davom etmaslik kerak?"
Xulosa
- Hech kim ushlamagan xato —
Uncaught ...; ushlanmagan rad etilish —Uncaught (in promise) .... - Brauzer faqat joriy task'ni to'xtatadi, sahifa ishlayveradi. Node esa butun dasturni to'xtatadi.
- Brauzerda oxirgi chiziq —
windowdagierrorvaunhandledrejection;preventDefault()konsol xabarini o'chiradi. - Node'da —
process.on("uncaughtException")va"unhandledRejection"; ulardan keyin qayd qiling va jarayonni to'xtating. - Global tinglovchi
catcho'rnini bosmaydi: u ishni qutqarmaydi, faqat xabar beradi va qayd qiladi. - Logga: xabar, stek, manba, sahifa, vaqt; takrorlarni birlashtiring, shaxsiy ma'lumotni olib tashlang.
Keyingi dars: Asinxron naqshlar — xatoga javob berish naqshlari: qayta urinish (retry) va eksponensial kutish, timeout, parallellik cheklovi va "oxirgi so'rov yutadi" muammosi.
Manbalar
- HTML Living Standard: "Runtime script errors", "Unhandled promise rejections" (
PromiseRejectionEvent,rejectionhandled) — html.spec.whatwg.org - MDN: "Window: error event", "Window: unhandledrejection event", "Window: rejectionhandled event" — developer.mozilla.org
- Node.js 24 hujjatlari: "Process — Event: 'uncaughtException'", "Warning: Using 'uncaughtException' correctly", "--unhandled-rejections" — nodejs.org/api/process.html
- Chrome 154 va Node 24.21 — darsdagi xabar matnlari shu versiyalarda olingan
Izohlar (0)
Izoh yozish uchun kiring.
- Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'ling!