CI narxi va byudjetsiz CI: daqiqalar, act va pre-push
Qisqacha: Ochiq repo'da GitHub'ning standart runner'lari bepul. Yopiq repo'da GitHub Free oyiga $12 lik hisoblash beradi, keyin har daqiqa pul: Linux x64 — $0.006, arm64 — $0.005, Windows — $0.010, macOS — $0.062. Byudjet bo'lmasa ham sifat saqlanadi. Qatlamlar shunday: lokal
npm run check, har push oldidan tez tekshiruv (pre-push hook), workflow'ni o'z kompyuteringizdaactbilan yurgizish va CI'ni faqat qo'lda (workflow_dispatch) ishga tushirish. Self-hosted runner bepul, lekin ochiq repo'da begona kodni sizning mashinangizda bajaradi.
Bu darsda
- Actions daqiqasi qanday hisoblanishini va ochiq hamda yopiq repo farqini tushuntirasiz.
- O'z pipeline'ingizning oylik narxini hisoblaysiz.
- Self-hosted runner qachon xavfli ekanini aytasiz.
- Pre-push hook bilan push'dan oldin tez tekshiruv qo'yasiz.
- Workflow'ni
actbilan lokal yurgizasiz va uning chegaralarini bilasiz.
Oldin bilishingiz kerak: GitHub Actions chuqur, Actions tezligi, Git hooklar: Husky va lint-staged.
1. Nega bu kerak?
Oldingi darslarda kanon CI'si o'nlab marta yurdi: qizil, yashil, bekor qilingan, qayta. Hammasi bepul edi — repo ochiq. Endi tasavvur qiling: loyiha mijozniki, repo yopiq. Har push — to'rt-besh job, har job — bir necha daqiqa. Oy oxirida hisob keladi.
Ikkinchi holat ham bor. Kartangiz yo'q yoki billing ochilmagan. Bepul limit tugaydi — va CI shunchaki to'xtaydi. Jamoa "vaqtincha CI'siz" ishlaydi. Bir haftadan keyin main qizil, hech kim qachon buzilganini bilmaydi.
Hayotiy o'xshatish: taksi va o'z velosipedingiz. Taksi tez va qulay, lekin hisoblagich ishlaydi. Velosiped bepul, lekin pedalni o'zingiz bosasiz. Yaxshi jamoa ikkalasini aralashtiradi: qisqa, tez-tez yo'llar — velosipedda (lokal tekshiruv), uzoq va muhim yo'l — taksida (to'liq CI).
Bu darsda avval narxni aniq hisoblaymiz, keyin pulsiz qatlamlarni quramiz.
2. Actions narxi qanday hisoblanadi
2.1 Ochiq va yopiq repo
GitHub'ning rasmiy narx sahifasi (o'qildi 2026-11-07) asosiy qoidani aytadi: ochiq (public) repo'larda standart GitHub runner'lari bepul. Ular "kiritilgan hisoblash" limitidan ham sarflamaydi.
Kanon tajribasida (IlmHamroh, 2026-11) bu amalda tekshirildi. Sinov repo ochiq edi va unda o'nlab CI, CD yugurishi bo'ldi — jumladan arm64 runner'dagi job'lar ham. Narx sahifasi arm64 ni alohida tilga olmaydi, lekin umumiy qoida unga ham tegishli ekan: hisob — $0.
Yopiq (private) repo'da GitHub Free tarifi oyiga quyidagini beradi:
| Resurs | GitHub Free, yopiq repo |
|---|---|
| Kiritilgan hisoblash | oyiga $12 |
| Artifact saqlash | 500 MB |
| Kesh | 10 GB (repo boshiga) |
E'tibor bering: limit daqiqada emas, dollarda yozilgan. Necha daqiqa ekanini runner turi belgilaydi.
2.2 Bir daqiqa qancha turadi
Runner — workflow job'ini bajaradigan virtual mashina (GitHub Actions chuqur). Uning narxi operatsion tizim va arxitekturaga bog'liq. Rasmiy sahifadagi narxlar, sentlarda:
- Linux x640,6 ¢
- Linux arm640,5 ¢
- Windows1 ¢
- macOS6,2 ¢
Manba: GitHub Docs — GitHub Actions billing, o'qildi 2026-11-07
macOS daqiqasi Linux'dan o'n baravar qimmat. Shuning uchun macOS job'i faqat haqiqatan kerak bo'lganda — masalan, iOS ilovasini qurish uchun — ishlatiladi. Bizning loyiha Linux'da ishlaydi va arm64 runner hatto x64 dan arzonroq.
$12 ni Linux x64 narxiga bo'lsak, 2 000 daqiqa chiqadi. Bu — hisob, sahifaning o'zi daqiqa sonini yozmaydi.
Self-hosted runner (o'zingizning mashinangiz) uchun sahifa "bepul qoladi" deydi. Lekin server, elektr va xavfsizlik — sizning zimmangizda. Bu haqda alohida bo'limda.
2.3 Bizning pipeline qancha turardi
Kanon CI'sining yashil yugurishini olaylik. Job vaqtlari (boshlanish va tugash orasidagi soniyalar):
api (tip, lint, test, build): success 16:46:26–16:49:40
tip (ubuntu-24.04-arm): success 16:46:28–16:47:07
tip (ubuntu-24.04): success 16:46:26–16:47:03
web (format, lint, tip, test, build): success 16:46:26–16:47:12
artefakt: success 16:49:42–16:49:47Hisob har job bo'yicha yuritiladi va daqiqa yuqoriga yaxlitlanadi: 5 soniyalik job ham bir daqiqa (GitHub Docs, Actions runner pricing, tekshirildi, 2026-11-08). Yopiq repo bo'lganda narx qancha bo'lardi? Hisoblaymiz:
const NARX = { "linux-x64": 0.006, "linux-arm64": 0.005 };
const joblar = [
{ nom: "api", runner: "linux-x64", soniya: 194 },
{ nom: "tip x64", runner: "linux-x64", soniya: 37 },
{ nom: "tip arm64", runner: "linux-arm64", soniya: 39 },
{ nom: "web", runner: "linux-x64", soniya: 46 },
{ nom: "artefakt", runner: "linux-x64", soniya: 5 },
];
function yugurishNarxi(joblar) {
let jami = 0;
for (const j of joblar) {
const daqiqa = Math.ceil(j.soniya / 60);
jami += daqiqa * NARX[j.runner];
}
return jami;
}
const bir = yugurishNarxi(joblar);
const oylik = bir * 10 * 22;
console.log(`bitta yugurish: $${bir.toFixed(3)}`);
console.log(`oyiga (10 push × 22 kun): $${oylik.toFixed(2)}`);
console.log(`$12 dan oshdimi: ${oylik > 12}`);Konsolda:
bitta yugurish: $0.047
oyiga (10 push × 22 kun): $10.34
$12 dan oshdimi: falseBitta dasturchi kuniga o'n marta push qilsa, bitta loyiha limit ichida qoladi. Lekin hisobga hali CD kirmadi: har deploy'da ikkita image build'i va deploy job'i qo'shiladi (VPS'ga avtomatik deploy). Ikki dasturchi, ikki loyiha — hisob to'rt baravar, ya'ni kuniga ≈ $1.88: $12 limit taxminan 6–7 ish kunida tugaydi.
Yana bir narsaga qarang: 5 soniyalik artefakt job'i to'liq daqiqa sifatida hisoblandi. Ko'p mayda job'lar — yaxlitlash tufayli ortiqcha xarajat. Job'larni bo'lish tezlik beradi, lekin har biri kamida bir daqiqa turadi.
Tekshirib ko'ring: Jamoadosh
matrixgamacos-latestqo'shdi: "Mac foydalanuvchilarimiz ham bor". tip job'i macOS'da ham 37 soniya yuradi deb hisoblang. Bitta yugurish narxi qanchaga oshadi va oyiga qancha bo'ladi (10 push × 22 kun)?
Javob
37 soniya — bir daqiqaga yaxlitlanadi, macOS daqiqasi $0.062. Bitta yugurish $0.047 dan $0.109 ga oshadi — ikki baravardan ko'p. Oyiga 220 yugurish: $23.98, ya'ni $12 limitdan ikki baravar ortiq. Bitta qator yozildi, lekin hisob ikki baravar oshdi. tsc --noEmit natijasi esa OS'ga bog'liq emas — bu job macOS'da hech narsa qo'shmaydi.
2.4 Hisobni kamaytiradigan sozlamalar
Ularning ko'pini oldingi darslarda ko'rdingiz. Endi ular pul ham tejaydi:
pathsfiltri — hujjat o'zgargan PR'da CI umuman yurmaydi (GitHub Actions chuqur);concurrency+cancel-in-progress— eskirgan yugurish bekor qilinadi (Actions tezligi);timeout-minutes— osilib qolgan job sukut bo'yicha soatlab "yeydi", chegara uni to'xtatadi;retention-days— artifact saqlash joyini band qilmaydi;- arm64 runner — Linux x64 dan arzonroq va ochiq repo'da ham bepul.
3. Self-hosted runner: bepul, lekin
3.1 Nima u
Self-hosted runner — GitHub'ning emas, sizning mashinangiz: kompyuter, VPS yoki ofisdagi server. Unda GitHub'ning runner dasturi o'rnatiladi va u navbatdagi job'larni o'zi olib bajaradi. Daqiqa hisobi yo'q.
Bu qachon foydali:
- katta loyiha, CI soatlab yuradi — o'z serveringiz arzonroq;
- maxsus jihoz kerak (GPU, ma'lum protsessor);
- job ichki tarmoqdagi resursga kirishi kerak.
3.2 Ochiq repo'dagi xavf
Endi boshqa tomondan qarang. Ochiq repo'ga istalgan odam fork qilib PR ochadi. PR'dagi workflow va kod CI'da bajariladi. GitHub runner'ida bu muammo emas: har job toza virtual mashinada, keyin u o'chiriladi. Self-hosted runner'da esa begona PR kodi sizning mashinangizda ishlaydi.
GitHub hujjati shuning uchun self-hosted runner'ni ochiq repo'da "deyarli hech qachon" ishlatmaslikni aytadi (GitHub Docs, tekshirildi, 2026-11). Kurs tajribasi buni sinamadi va o'quvchiga ham tavsiya qilmaydi.
4. Hujumchi nigohi
Hujumchi ochiq repo'ni topdi va .github/workflows/ da runs-on: self-hosted ni ko'rdi. U fork qiladi va PR ochadi. PR'da test fayli o'rniga skript bor: mashinadagi ~/.ssh va .env larni o'qib, tashqariga yuboradi. Keyin fonda qoladigan jarayon ishga tushiradi — runner keyingi job'ni olganda u hali tirik.
Natija: hujumchi sizning tarmog'ingizda. Runner turgan mashinada deploy kaliti bo'lsa — serveringizda ham.
Himoya ro'yxati:
- ochiq repo'da faqat GitHub runner'lari;
- self-hosted runner — faqat yopiq repo'da va alohida, hech narsa saqlanmaydigan mashinada;
- runner foydalanuvchisida sudo, docker guruhi va deploy kaliti yo'q;
- tashqi hissadorlar PR'i uchun workflow'ni tasdiq bilan ishga tushirish sozlamasi (Actions xavfsizligi).
5. Lokal tekshiruv — byudjetsiz CI'ning asosi
5.1 Lokal npm run check qancha turadi
CI'ning eng arzon o'rnini bosuvchisi — sizning kompyuteringiz. CI/CD tushunchasi darsidagi qoida shu yerda pul tejaydi: lokal va CI aynan bir xil buyruqlarni bajaradi. Kanonda vazifalar-api ning check skripti:
"check": "npm run tip && npm run lint && npm test && npm run build",Web uchun ham shunday skript bor — formatlash, lint, tip va testlar:
"check": "npm run format:check && npm run lint && npm run tip && npm test",Bu Git hooklar: Husky va lint-staged darsidagi web loyihaning skripti. Frontend uchun minimal CI aynan shu skriptni chaqiradi.
Lekin lokal tekshiruvning narxi vaqt. Kanon kompyuterida (Windows 11, i5-12500H) vazifalar-api uchun o'lchandi:
| Qadam | Vaqt |
|---|---|
npm run tip |
79 s |
npm run lint |
90 s |
npm test |
130 s |
npm run build |
45 s |
| Jami | ≈ 344 s |
Deyarli olti daqiqa. CI'da xuddi shu ish api job'ida ikki-uch daqiqa oldi (yugurishga qarab 120–194 s): u yerda web va tip boshqa job'larda parallel yuradi, Linux'da fayl tizimi ham tezroq. Har push oldidan olti daqiqa kutish — real emas. Odam bir hafta kutadi, keyin tekshiruvni o'tkazib yuborishni boshlaydi.
5.2 Uch qatlam
Yechim — tekshiruvni og'irligiga qarab qatlamlarga bo'lish:
flowchart LR
A[commit] --> B[pre-commit: o'zgargan fayllar]
B --> C[push]
C --> D[pre-push: tip + lint]
D --> E[CI: to'liq check]
E --> F[merge]- pre-commit — soniyalar. Faqat o'zgargan fayllar: prettier va eslint. Web'da bu allaqachon bor —
lint-staged(Git hooklar: Husky va lint-staged). - pre-push — bir-uch daqiqa. Butun loyiha bo'yicha tez tekshiruv. Kanonda tavsiya:
tip + lint, ya'ni 79 + 90 ≈ 170 soniya. Testlar va build — CI'da. - CI — to'liq
check, servislar bilan, ikki arxitekturada.
Har qatlam keyingisining ishini kamaytiradi. Formatlash xatosi pre-commit'da tutiladi va CI daqiqasini yemaydi.
5.3 Pre-push hook
Pre-push hook — git push tarmoqqa ma'lumot yuborishidan oldin Git ishga tushiradigan skript. U noldan farqli kod bilan tugasa, push to'xtaydi. Fayl — .git/hooks/pre-push.
Sinash uchun kichik o'quv repo yasadik (masofaviy repo — lokal remote.git papkasi). Hook src/ da console.log qolib ketgan bo'lsa, push'ni to'xtatadi:
cat > .git/hooks/pre-push <<'H'
#!/bin/sh
echo "pre-push: tez tekshiruv"
if grep -rn "console.log" src; then
echo "pre-push: console.log topildi - push to'xtatildi"
exit 1
fi
echo "pre-push: OK"
H
chmod +x .git/hooks/pre-pushFayl ichida console.log(a) bor commit'ni push qildik, keyin --no-verify bilan qayta:
git push -q origin main; echo "[exit $?]"
git push -q --no-verify origin main; echo "[exit $?]"Biz ishga tushirdik:
pre-push: tez tekshiruv
src/a.js:1:export const a = 1; console.log(a);
pre-push: console.log topildi - push to'xtatildi
error: failed to push some refs to '../remote.git'
[exit 1]
[exit 0]Birinchi push to'xtadi. Ikkinchisi — o'tdi: --no-verify hook'ni butunlay chetlab o'tadi.
Bu muhim xulosa. Hook — qulaylik, kafolat emas. U dasturchining o'zini xatodan asraydi, lekin istagan odam uni o'chiradi. Bundan tashqari .git/hooks papkasi repo bilan birga tarqalmaydi — har klonda qayta o'rnatiladi. Husky aynan shuni hal qiladi: hook'lar repo'dagi .husky/ papkasida turadi va npm install paytida ulanadi. Kafolat esa baribir CI'da: main ga faqat yashil PR kiradi.
Tekshirib ko'ring: Jamoa CI'ni butunlay o'chirdi: "hammada pre-push hook bor, shu yetarli". Qanday holatlarda buzuq kod baribir
mainga tushadi?
Javob
Kamida uchta holat. Birinchisi — kimdir shoshilib --no-verify bilan push qiladi. Ikkinchisi — yangi dasturchi klon qildi, lekin hook o'rnatilmagan (Husky'siz .git/hooks tarqalmaydi). Uchinchisi — hook faqat tez tekshiruvni qiladi, testlar va build esa hech qayerda yurmaydi. To'rtinchisi ham bor: dasturchining kompyuteri "toza" emas — CI esa har safar noldan quradi va unutilgan faylni darhol ko'radi.
6. act: workflow'ni o'z kompyuteringizda
6.1 Nima u
act — GitHub Actions workflow'ini lokal Docker konteynerlarida yurgizadigan ochiq vosita (nektos/act). U .github/workflows/ dagi fayllarni o'qiydi, job'lar grafini quradi va har job'ni runner'ga o'xshash image ichida bajaradi.
Nega kerak? Workflow faylini tuzatish "push → kut → qizil → yana push" sikliga aylanadi. Har urinish — commit va CI daqiqasi. act bilan siklni lokal aylantirasiz.
Kanonda act 0.2.94 ishlatildi. U global o'rnatilmadi: rasmiy relizdan yuklab olindi va sha256 xeshi relizdagi ro'yxat bilan solishtirildi. Buni har bir yuklab olingan dastur uchun odat qiling.
6.2 Job'lar grafi
Docker'siz ham bitta foydali buyruq bor — act -l. U workflow'dagi job'larni bosqichlar bo'yicha ko'rsatadi. Biz kanon ci.yml ida ishga tushirdik (act Docker topmagani haqida ogohlantirdi, ro'yxatni baribir chiqardi):
act -l -W .github/workflows/ci.ymlStage Job ID Job name Workflow name Workflow file Events
0 arxitektura tip (${{ matrix.runner }}) CI ci.yml push,pull_request,workflow_dispatch
0 api api (tip, lint, test, build) CI ci.yml push,pull_request,workflow_dispatch
0 web web (format, lint, tip, test, build) CI ci.yml push,pull_request,workflow_dispatch
1 artefakt artefakt CI ci.yml push,pull_request,workflow_dispatchStage 0 — parallel boshlanadigan job'lar, Stage 1 — needs bilan ularni kutadigani. Bu jadval GitHub Actions chuqur darsidagi needs grafining o'zi. Qatorlar tartibi har ishga tushirishda biroz farq qilishi mumkin.
6.3 Kanon tajribasi: act va GitHub yonma-yon
Kanonda ifodalar.yml workflow'i — kontekstlar, dinamik matrix va if sharti bor fayl — act bilan qo'lda hodisa (workflow_dispatch) sifatida yurgizildi. Kirish qiymatlari (muhit=production, batafsil=true) JSON fayldan berildi, runner image'i esa -P bilan ko'rsatildi:
act workflow_dispatch -W .github/workflows/ifodalar.yml \
-e hodisa.json \
-P ubuntu-24.04=catthehacker/ubuntu:act-24.04Buyruq telefon uchun qatorga bo'lindi (\ — davomi keyingi qatorda), mazmuni aynan.
Logdan bir necha qator (qisqartirilgan):
[Ifodalar/tayyorla] | hodisa=workflow_dispatch kim=nektos/act ref=refs/heads/main muhit=production os=Linux arch=X64
[Ifodalar/har-papka-1 ] 🧪 Matrix: map[papka:vazifalar-api]
[Ifodalar/har-papka-2 ] 🧪 Matrix: map[papka:vazifalar]
[Ifodalar/faqat-production] | production yo'li (versiya 4.1.1)
[Ifodalar/hisobot ] | batafsil rejimNatija GitHub'dagi yugurish bilan bir xil: dinamik matrix ikki job yaratdi, if sharti faqat-production job'ini ishga tushirdi, always() li hisobot job'i oxirida yurdi. Bitta farq — kim=nektos/act: github.actor o'rniga act o'z nomini qo'ydi.
Vaqtlar:
| Qayerda | Vaqt |
|---|---|
act, 1-yugurish (runner image tortildi, 2.3 GB) |
123 s |
act, 2-yugurish (image keshda) |
13 s |
| GitHub'da shu workflow | 22 s |
Birinchi yugurish qimmat — 2.3 GB lik image yuklab olinadi. Keyingilari GitHub'dan ham tezroq: navbat yo'q, runner ajratish yo'q.
6.4 act ning chegaralari
act — taqlid, GitHub'ning o'zi emas. Logda buni ko'rsatadigan izlar bor:
- Image boshqa.
catthehacker/ubuntu:act-24.04— GitHub runner'iga o'xshatilgan, lekin aynan u emas. Masalan, undagi Node — 24.19.0 (logdagi yo'l:/opt/acttoolcache/node/24.19.0). Dasturlar ro'yxati va versiyalari farq qiladi. - Arxitektura. Logda har konteyner
platform=linux/amd64bilan yaratilgan. Kanon matrix'idagiubuntu-24.04-armjob'ini x64 kompyuterda haqiqiy arm64 sifatida yurgizib bo'lmaydi. - Sirlar va token — o'zingiz berasiz; GitHub environment himoyasi, OIDC va tasdiqlash yo'q (Actions xavfsizligi).
- Docker kerak.
actning o'zi Docker ichida ishlaydi. Docker'siz faqatact -lkabi tahlil buyruqlari qoladi.
Xulosa: act — workflow mantiqini (ifodalar, needs, if, matrix) tez sinash vositasi. Yakuniy hakam — baribir GitHub'dagi yugurish.
7. CI'ni faqat qo'lda ishga tushirish
Byudjet juda tor bo'lsa, oxirgi qatlam — CI'ni har push'da emas, kerak paytda yurgizish. Buning uchun workflow'da workflow_dispatch hodisasi turadi. Kanon ci.yml ida u bor (push va pull_request bilan birga):
workflow_dispatch:push va pull_request qatorlarini olib tashlasangiz, CI faqat tugma bosilganda yuradi. Tugma — GitHub'dagi Actions sahifasida ("Run workflow"), yoki terminaldan:
gh workflow run ci.yml --ref mainBunday tartibda jamoa kelishuvi kerak: "merge'dan oldin CI qo'lda yurgiziladi va yashil bo'lishi shart". Pre-push hook va lokal check har kunlik himoya, qo'lda CI — merge oldidan yakuniy tekshiruv. Bu to'liq avtomatik CI'dan zaifroq: odam esdan chiqaradi. Lekin "billing yo'q — CI ham yo'q" holatidan ancha yaxshi.
8. Loyiha qadami
O'z monorepo'ngizda (repo ochiq bo'lsa, CI bepul — hech narsani o'chirmang):
- Oxirgi yashil yugurish job vaqtlarini oling va yuqoridagi kalkulyator bilan "repo yopiq bo'lganda" narxini hisoblang.
- Ildizda
.githooks/pre-pushskriptini yarating:vazifalar-apiuchunnpm run tip && npm run lint, web uchunnpm run lint && npm run tip. Faqat push qilinayotgan commit'larda o'zgargan papka tekshirilsin — buni 3-mashqda yozasiz. - Uni ulang:
git config core.hooksPath .githooks. Bu sozlama klonga o'tmaydi — README'ga bir qator yozing. - Docker o'rnatilgan bo'lsa,
act -lbilan workflow grafigini ko'ring. Keyin bitta yengil workflow'niactbilan yurgizing.
Kanon tajribasida pre-push hook loyiha fayliga kiritilmadi — bu tavsiya, majburiy emas. Commit xabari, masalan:
chore: pre-push hook (tip + lint, faqat o'zgargan papka)9. Ko'p uchraydigan xatolar
9.1 macOS yoki Windows'ni "har ehtimolga" qo'shish
Matrix'ga bitta qator — va hisob ikki-o'n baravar. OS'ga bog'liq bo'lmagan tekshiruvni (tip, lint) bitta Linux runner'ida qoldiring.
9.2 timeout-minutes siz job
Osilib qolgan test sukut bo'yicha juda uzoq yuradi va har daqiqasi hisoblanadi. Har job'ga real chegara qo'ying.
9.3 Ochiq repo'da self-hosted runner
Begona PR kodi sizning mashinangizda. Ochiq repo — faqat GitHub runner'lari.
9.4 Hook'ni kafolat deb hisoblash
--no-verify uni chetlab o'tadi, yangi klonda u yo'q. Hook — qulaylik, kafolat — CI va branch himoyasi.
9.5 Pre-push'da to'liq check
Olti daqiqalik hook bir haftada o'chiriladi. Hook'da — tez qism, og'iri — CI'da.
9.6 act yashil — demak GitHub'da ham yashil
Image, arxitektura va sirlar boshqa. act mantiqni sinaydi, yakuniy javobni GitHub beradi.
10. Mashqlar
Mashqlar kurs/mashqlar/34/05-narx/ da. 2-mashq Node 24.21.0 da, 3-mashq Git Bash'da tekshirilgan (biz ishga tushirdik).
1-mashq (oson): bo'shliqlarni to'ldiring
- GitHub Free yopiq repo uchun oyiga beradigan hisoblash — $
- Eng arzon Linux runner arxitekturasi —
- Hook'ni chetlab o'tadigan
git pushbayrog'i —--no- - Workflow'ni lokal Docker'da yurgizadigan vosita —
- CI'ni faqat tugma bilan ishga tushiradigan hodisa —
Yechim
- 12 — dollarda; daqiqa soni runner turiga bog'liq.
- arm64 — $0.005, x64 dan arzon; ochiq repo'da ikkalasi ham bepul.
- verify — shuning uchun hook kafolat emas.
- act — mantiqni sinash uchun; image va arxitektura GitHub'nikidan farq qiladi.
- workflow_dispatch — Actions sahifasidagi tugma yoki
gh workflow run.
2-mashq (o'rta): oylik hisob va limit
oylikHisob(joblar, pushKuniga, kunlar, limit) funksiyasini yozing. joblar — { nom, runner, soniya } massivi, runner — "linux-x64", "linux-arm64", "windows" yoki "macos". Har job daqiqasi yuqoriga yaxlitlanadi. Funksiya obyekt qaytarsin: bir — bitta yugurish narxi, oylik — oylik narx, ortiqcha — limitdan oshgan qismi (oshmasa 0), engQimmat — eng qimmat job nomi. Pullar sentgacha yaxlitlansin: Math.round(x * 100) / 100. Kanon CI'sini ikki holatda sinang: hozirgidek va tip job'i macOS'da ham qo'shilganda.
Ishora: narxlar jadvali — obyekt (Obyekt: kalit-qiymat juftliklari); yaxlitlash — Math.ceil (Math obyekti); eng qimmatini topish — oddiy for...of va o'zgaruvchi.
Yechim
const NARX = {
"linux-x64": 0.006,
"linux-arm64": 0.005,
windows: 0.01,
macos: 0.062,
};
const sent = (x) => Math.round(x * 100) / 100;
function oylikHisob(joblar, pushKuniga, kunlar, limit) {
let bir = 0;
let engQimmat = null;
let engNarx = -1;
for (const j of joblar) {
const narx = Math.ceil(j.soniya / 60) * NARX[j.runner];
bir += narx;
if (narx > engNarx) {
engNarx = narx;
engQimmat = j.nom;
}
}
const oylik = bir * pushKuniga * kunlar;
return {
bir: sent(bir),
oylik: sent(oylik),
ortiqcha: sent(Math.max(0, oylik - limit)),
engQimmat,
};
}
const ci = [
{ nom: "api", runner: "linux-x64", soniya: 194 },
{ nom: "tip x64", runner: "linux-x64", soniya: 37 },
{ nom: "tip arm64", runner: "linux-arm64", soniya: 39 },
{ nom: "web", runner: "linux-x64", soniya: 46 },
{ nom: "artefakt", runner: "linux-x64", soniya: 5 },
];
console.log(oylikHisob(ci, 10, 22, 12));
const mac = [...ci, { nom: "mac tip", runner: "macos", soniya: 37 }];
console.log(oylikHisob(mac, 10, 22, 12));Konsolda:
{ bir: 0.05, oylik: 10.34, ortiqcha: 0, engQimmat: 'api' }
{ bir: 0.11, oylik: 23.98, ortiqcha: 11.98, engQimmat: 'mac tip' }Ikkinchi holatda eng qimmat job — 37 soniyalik macOS tip'i (mac tip), to'rt daqiqa deb hisoblangan api emas. Bitta yugurish narxi sentgacha yaxlitlangani uchun 0.05 ko'rinadi, oylik esa aniq qiymatdan hisoblangan. Agar avval yaxlitlab, keyin ko'paytirsangiz, 220 × 0.05 = 11 chiqardi — 0.66 dollar xato. Pul hisobida yaxlitlash har doim oxirida. [...ci, …] — massivni o'zgartirmay, yangisini yasash (Spread).
3-mashq (qiyin): faqat o'zgargan papkani tekshiradigan pre-push
Monorepo'da web o'zgarmagan bo'lsa, uning tekshiruvi behuda. Git pre-push hook'ga standart kirish orqali qator beradi: <lokal ref> <lokal sha> <masofaviy ref> <masofaviy sha>. Bash skript yozing. U o'quv repo yaratsin (muallif va sana qotirilgan, masofaviy — lokal remote.git), .git/hooks/pre-push o'rnatsin va uch push qilsin:
- birinchi push — ikkala papka yangi;
- faqat
vazifalar/o'zgargan commit; - faqat
README.mdo'zgargan commit.
Hook har push'da qaysi papka tekshirilishini chiqarsin (haqiqiy npm o'rniga echo "tekshiruv: <papka>"), hech biri o'zgarmasa — tekshiruv kerak emas.
Ishora: masofaviy sha nollardan iborat bo'lsa (0000…), bu — yangi tarmoq, hamma fayl yangi: git ls-tree -r --name-only <sha>. Aks holda — git diff --name-only <masofaviy>..<lokal>. Papka nomini cut -d/ -f1 ajratadi, takrorlarni sort -u olib tashlaydi.
Yechim
export GIT_AUTHOR_NAME=Aziz GIT_AUTHOR_EMAIL=aziz@example.com
export GIT_COMMITTER_NAME=Aziz GIT_COMMITTER_EMAIL=aziz@example.com
export GIT_AUTHOR_DATE="2026-11-08T10:00:00+05:00"
export GIT_COMMITTER_DATE="2026-11-08T10:00:00+05:00"
git init -q --bare remote.git
git init -q -b main ish && cd ish
git remote add origin ../remote.git
cat > .git/hooks/pre-push <<'H'
#!/bin/bash
NOL=0000000000000000000000000000000000000000
while read -r lref lsha rref rsha; do
if [ "$rsha" = "$NOL" ]; then
fayllar=$(git ls-tree -r --name-only "$lsha")
else
fayllar=$(git diff --name-only "$rsha..$lsha")
fi
papkalar=$(echo "$fayllar" | grep / | cut -d/ -f1 | sort -u)
topildi=0
for p in $papkalar; do
case $p in
vazifalar-api|vazifalar) echo "tekshiruv: $p"; topildi=1 ;;
esac
done
[ $topildi = 0 ] && echo "tekshiruv kerak emas"
done
exit 0
H
chmod +x .git/hooks/pre-push
mkdir vazifalar-api vazifalar
echo a > vazifalar-api/a.ts; echo w > vazifalar/w.tsx
git add . && git commit -qm "feat: boshlang'ich"
echo "== 1-push"; git push -q origin main
echo w2 >> vazifalar/w.tsx; git commit -qam "fix(web): w"
echo "== 2-push"; git push -q origin main
echo "# vazifalar" > README.md; git add .
git commit -qm "docs: README"
echo "== 3-push"; git push -q origin mainBiz ishga tushirdik:
== 1-push
tekshiruv: vazifalar
tekshiruv: vazifalar-api
== 2-push
tekshiruv: vazifalar
== 3-push
tekshiruv kerak emasHook har ref uchun bitta qator o'qiydi (while read): bir push'da bir nechta tarmoq yuborilishi mumkin. Birinchi push'da masofaviy tomonda hali hech narsa yo'q — Git nollardan iborat sha beradi. Shuning uchun commit'dagi hamma fayl olinadi. grep / ildizdagi fayllarni (README.md) tashlab yuboradi — ular hech qaysi loyihaga tegishli emas. Haqiqiy hook'da echo o'rnida (cd "$p" && npm run tip && npm run lint) || exit 1 turadi. Bu — GitHub Actions chuqur darsidagi paths filtrining lokal nusxasi.
11. Real ishda
- Ochiq kodli loyihalar deyarli doim GitHub runner'larida bepul ishlaydi. Shuning uchun portfolio loyihangizni ochiq qilish CI'ni ham bepul qiladi.
- Kompaniyalarda CI xarajati — oyma-oy kuzatiladigan qator. Ko'pincha eng katta qism — macOS job'lari va keraksiz matrix variantlari.
- Katta jamoalar o'z runner'larini avtomatik masshtablanadigan klasterda ushlaydi: har job uchun yangi, keyin o'chiriladigan mashina. Bu self-hosted'ning xavfsizroq shakli.
- Intervyu savollari: "Ochiq repo'da self-hosted runner nega xavfli?", "Pre-push hook va CI farqi nima?", "CI xarajatini qanday kamaytirasiz?"
Xulosa
- Ochiq repo'da GitHub runner'lari (arm64 ham) bepul; yopiq repo'da GitHub Free — oyiga $12, keyin daqiqa hisobi.
- 1 daqiqa: Linux x64 $0.006, arm64 $0.005, Windows $0.010, macOS $0.062; job daqiqasi yuqoriga yaxlitlanadi.
- Kanon CI yopiq repo'da bo'lsa ~$0.047 / yugurish, kuniga 10 push — oyiga ~$10.
- Self-hosted runner bepul, lekin ochiq repo'da begona PR kodini sizning mashinangizda bajaradi.
- Qatlamlar: pre-commit (soniyalar), pre-push (tip + lint, ~170 s), CI (to'liq). Hook — qulaylik,
--no-verifyuni chetlab o'tadi. actworkflow mantiqini lokal sinaydi (2-yugurish 13 s), lekin image va arxitektura GitHub'nikidan farq qiladi.
Keyingi dars: VPS'ga avtomatik deploy — yashil CI'dan keyin image'lar registry'ga, keyin cheklangan SSH kalit bilan serverga: birinchi to'liq avtomatik deploy.
Manbalar
- GitHub Docs — GitHub Actions billing (narxlar, kiritilgan hisoblash, ochiq repo): https://docs.github.com/en/billing/concepts/product-billing/github-actions (o'qildi 2026-11-07, qayta tekshirildi 2026-11-08 — narxlar va $12 o'zgarmagan)
- GitHub Docs — Actions runner pricing (har job daqiqasi yuqoriga yaxlitlanadi): https://docs.github.com/en/billing/reference/actions-runner-pricing (tekshirildi, 2026-11-08)
- GitHub Docs — Self-hosted runners, security (ochiq repo ogohlantirishi): https://docs.github.com/en/actions/reference/security/secure-use#hardening-for-self-hosted-runners (tekshirildi, 2026-11)
- Git — githooks, pre-push: https://git-scm.com/docs/githooks#_pre_push (tekshirildi, 2026-11)
- nektos/act — foydalanuvchi qo'llanmasi: https://nektosact.com/ (tekshirildi, 2026-11)
- Kurs tajribasi (IlmHamroh, 2026-11): sinov repo'sidagi CI yugurishlari (ochiq repo, $0),
act0.2.94 bilanifodalar.yml(123 s / 13 s), lokalnpm run checko'lchovi. Pre-push hook vaact -l— biz ishga tushirdik (2026-11-08).
Izohlar · 0
Izoh yozish uchun kiring.