JavaScript Full-stackXavfsizlik loglari va alertlar (A09): nimani yozish, nimani yashirish va hujumni sezish
JavaScript Full-stack · 35-qism. Xavfsizlik

Xavfsizlik loglari va alertlar (A09): nimani yozish, nimani yashirish va hujumni sezish

22 daqiqa9/16-dars

Qisqacha: Xavfsizlik logi hujumni ikki marta ushlaydi: hujum paytida (alert) va keyin, tergovda. Buning uchun har muvaffaqiyatsiz kirish, 403 va 429 yozilishi, parol, token va cookie esa hech qachon yozilmasligi kerak. Kanon tajribasida 25 ta noto'g'ri login, 25 ta 403 va bitta CSP hisoboti Loki'ga tushdi, uchta alert ishga tushdi, sakkizta maxfiy qiymatdan birortasi logda topilmadi. Ikkita kamchilik ham chiqdi: brute force xati yetib kelmadi va 429 lar auth jurnaliga yozilmaydi.

Bu darsda

  • Qaysi xavfsizlik hodisalarini qayerga yozish kerakligini aniqlaysiz.
  • Pino redact ro'yxatining chegarasini o'z ko'zingiz bilan ko'rasiz.
  • Log injection nima ekanini va JSON log undan qanday himoya qilishini tushuntirasiz.
  • Loki ruler'da LogQL alert qoidasini yozasiz va uning oynasini tushunasiz.
  • Kanon tajribasining natijasini halol o'qiysiz: 21 ta 429 va kelmay qolgan xat.

Oldin bilishingiz kerak: Log agregatsiya: Loki, Grafana va Alloy, Pino chuqur, Audit log, Uptime monitoring va alerting, Fail-open va fail-closed.

1. Nega bu kerak?

Oldingi darsda Redis uzilganda tezlik cheklovi ochilib ketishini ko'rdik (Fail-open va fail-closed). U holatni nima sezdirdi? Faqat log: auth jurnaliga ketma-ket cheklov_xato qatorlari tusha boshladi. Logsiz bu hujum jim o'tib ketardi.

OWASP Top 10:2025 ro'yxatida bu xavf alohida band: A09 — Security Logging and Alerting Failures (xavfsizlik loglari va alertlardagi kamchiliklar). Muammo bitta emas, uchta:

  1. Yozilmaydi. Muvaffaqiyatsiz kirish, ruxsat rad etilishi, admin amali izsiz qoladi.
  2. Ortiqcha yoziladi. Logga parol, token yoki karta raqami tushadi. Endi log o'zi o'g'irlanadigan narsaga aylanadi.
  3. Hech kim qaramaydi. Log bor, lekin alert yo'q. Hujum haqida oylar o'tib, begona xabardan bilinadi.

Hayotiy o'xshatish: do'kondagi kamera. U yozmasa — o'g'irni topa olmaysiz. Kassirning PIN kodini ham yozsa — kamera yozuvining o'zi xavfli. Hamma narsani yozsa-yu, ekranga hech kim qaramasa — o'g'irlik paytida yordam bermaydi.

Tahdid modelida bu T10 qatori: "kirish xatolari, 403, 429 izsiz; logda PII yoki token" (Threat modeling). Bugun uni o'lchaymiz.

2. Uchta jurnal, uchta vazifa

2.1 Kim nimani yozadi

vazifalar-api da xavfsizlik izi uch joyda qoladi. Ular bir-birini almashtirmaydi:

Jurnal Nimani yozadi Saqlash
HTTP log (pino-http → Loki) har so'rov: metod, yo'l, status, IP, sorovId 7 kun (Loki)
auth jurnali (auth_hodisalar) kirish, kirish xatosi, chiqish, kalit yaratish, bloklash 180 kun
audit jurnali (audit_yoz) muvaffaqiyatli muhim amal: kim, nima, qaysi obyekt uzoq, faqat qo'shiladi

HTTP log — tezkor manba. U alert uchun kerak: hamma so'rov bir joyda, LogQL bilan sanaladi. Lekin u 7 kunda o'chadi va undagi yozuvni o'zgartirish qiyin emas.

Auth jurnali — tergov manbasi. Bazada, 180 kun turadi. Unda foydalanuvchi id'si, IP va user agent bor. "Dilnozaning hisobiga oxirgi yarim yilda qaysi IP'lardan kirishgan?" degan savolga u javob beradi.

Audit jurnali (audit log) — javobgarlik manbasi. Audit log darsida u faqat qo'shiladigan (append-only) va hash zanjiri bilan qurilgan edi. Qator o'chirilsa yoki o'zgartirilsa, zanjir uziladi. Unga faqat muvaffaqiyatli amallar tushadi: "admin Bekzod 2-foydalanuvchini blokladi".

2.2 Nimani yozish kerak

Har xavfsizlik hodisasida beshta savolga javob bo'lsin: kim (foydalanuvchi id yoki IP), nima (hodisa turi), qachon (ISO vaqt), natija (status, sabab), qaysi so'rov (sorovId). Oxirgisi qatorlarni bir-biriga bog'laydi: HTTP logdagi 401 dan auth jurnalidagi kirish_xato ga o'tish mumkin bo'ladi.

Yoziladigan hodisalar ro'yxati:

  • kirish: muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz (sababi bilan: parol, email-yoq, mfa);
  • ruxsat rad etilishi: 401, 403;
  • tezlik cheklovi: 429;
  • sir bilan ishlash: API kaliti yaratildi, bekor qilindi, 2FA yoqildi;
  • admin amallari: bloklash, rol o'zgarishi, bayroq almashishi;
  • himoya mexanizmi xabari: CSP buzilishi, CAPTCHA tutdi, cheklagich xatosi.

Tekshirib ko'ring: Jamoadosh "auth jurnali bor, HTTP logda 401 ni yozish shart emas, joy tejaymiz" dedi. Nima yo'qoladi?

Javob

Alert yo'qoladi. Auth jurnali faqat ishlovchi (handler) ichidan yoziladi va unga faqat kirish yo'li tushadi. 401 esa har himoyalangan yo'lda bo'ladi: muddati o'tgan token, o'g'irlangan cookie bilan urinish. Bundan tashqari, quyida ko'ramiz: cheklov ishlovchidan oldin rad etgan so'rov auth jurnaliga umuman tushmaydi. Bitta manba hamma narsani ko'rmaydi.

3. Nimani hech qachon yozmaslik kerak

3.1 Taqiqlangan ro'yxat

Logga tushmaydi: parol, sessiya cookie'si, Authorization sarlavhasi, API kaliti, bir martalik kodlar (TOTP, OTP), parol tiklash tokeni, karta raqami. PII (shaxsga doir ma'lumot) — faqat kerakli minimum: foydalanuvchi id'si yetarli, email va telefon esa yo'q.

Sabab oddiy: log ko'p joyda yashaydi. Loki, zaxira, xato kuzatuvchi, dasturchining terminali. Bazadagi parol hash bilan saqlanadi, logdagi parol esa ochiq matn bo'lib qoladi.

Kanonda bu ro'yxat src/umumiy/log.ts da:

ts
export const YASHIRIN = [
  "req.headers.authorization",
  "req.headers.cookie",
  'req.headers["x-api-key"]',
  "res.headers['set-cookie']",
  "*.parol",
  "*.token",
];

Pino bu yo'llardagi qiymatni "[yashirildi]" ga almashtiradi (Pino chuqur). Ikkinchi himoya — serializer: HTTP log so'rovdan faqat metod, yo'l, IP va user agent'ni oladi, tanani umuman olmaydi.

3.2 Biz ishga tushirdik: redact qayerda ko'r

*.parol qanchalik kuchli? Kanon loyihasidagi pino 10.4.0 bilan besh xil qatorni yozib ko'rdik:

js
const log = pino({
  base: null,
  timestamp: false,
  redact: {
    paths: ["req.headers.authorization", "*.parol", "*.token"],
    censor: "[yashirildi]",
  },
});
const p = "Bahor-choyxona";
const e = "aziz@example.com";
log.info({ tana: { email: e, parol: p } }, "bir daraja");
log.info({ sorov: { tana: { parol: p } } }, "ikki daraja");
log.info({ parol: p }, "ildizda");
const h = {
  authorization: "Bearer abc",
  Authorization: "Bearer XYZ",
};
log.info({ req: { headers: h } }, "katta harf");
log.info(`kirish: parol=${p}`);

Konsolda:

text
{"level":30,"tana":{"email":"aziz@example.com","parol":"[yashirildi]"},"msg":"bir daraja"}
{"level":30,"sorov":{"tana":{"parol":"Bahor-choyxona"}},"msg":"ikki daraja"}
{"level":30,"parol":"Bahor-choyxona","msg":"ildizda"}
{"level":30,"req":{"headers":{"authorization":"[yashirildi]","Authorization":"Bearer XYZ"}},"msg":"katta harf"}
{"level":30,"msg":"kirish: parol=Bahor-choyxona"}

Kod telefon uchun qisqartirildi (qiymatlar p va e ga olindi), chiqish qatorlari uzun — aynan shunday. Beshtadan faqat ikkitasi yashirildi:

  • * — aynan bitta daraja. tana.parol ushlandi, sorov.tana.parol va ildizdagi parol — yo'q.
  • Yo'l katta-kichik harfni farqlaydi: Authorization o'tib ketdi.
  • Xabar matni umuman tekshirilmaydi: satr ichidagi parol logga tushdi.

Kanonda bu teshiklar amalda yopiq: HTTP serializer tanani olmaydi, Node sarlavha nomlarini kichik harfga keltiradi, kod xabar matniga parol qo'ymaydi. Lekin bu kafolat emas, odat. Shuning uchun quyida, kanon tajribasida logning o'zi qidirib tekshirildi.

Maslahat: redact — oxirgi chiziq, birinchisi emas. Birinchi chiziq — maxfiy narsani logger'ga umuman bermaslik: butun req yoki body o'rniga kerakli maydonlarni tanlab yozish.

4. Log injection

4.1 Satr ichidagi yangi qator

Log injection (logga soxta yozuv qo'shish) — hujumchi o'z kiritgan matni bilan logda soxta qator yasaydi. Klassik yo'l — yangi qator belgisi. Login formasiga email o'rniga shunday matn yuboriladi va server uni matnli logga qo'shadi:

js
const email =
  "aziz@example.com\n2026-11-08 12:00:01 INFO kirish ok: admin";
const matnli = `2026-11-08 12:00:00 WARN kirish xato: ${email}`;
console.log(matnli);
console.log("---");
const json = { daraja: "warn", hodisa: "kirish_xato", email };
console.log(JSON.stringify(json));

Konsolda:

text
2026-11-08 12:00:00 WARN kirish xato: aziz@example.com
2026-11-08 12:00:01 INFO kirish ok: admin
---
{"daraja":"warn","hodisa":"kirish_xato","email":"aziz@example.com\n2026-11-08 12:00:01 INFO kirish ok: admin"}

Matnli logda ikkinchi qator haqiqiydek ko'rinadi: "admin muvaffaqiyatli kirdi". Tergovchi uni o'qib, yolg'on izga tushadi. JSON logda esa yangi qator \n bo'lib ekranlanadi va hammasi bitta maydon ichida qoladi. Strukturali log (Pino chuqur) shu sababdan ham xavfsizroq.

4.2 Boshqa shakllari

  • Terminal boshqaruv belgilari. ANSI ketma-ketliklari (terminalga "rangni o'zgartir", "qatorni o'chir" kabi buyruq beradigan ko'rinmas maxsus belgilar) less yoki terminalda matnni bo'yashi, hatto qatorlarni "o'chirib" ko'rsatishi mumkin. Log ko'ruvchi vosita ularni ko'rsatmasin.
  • Logger kiritilgan matnni bajarsa. 2021-yil dekabrida e'lon qilingan Log4Shell (CVE-2021-44228, xavf bahosi 10 dan 10): Java'dagi Log4j logger'i xabardagi ${jndi:…} ni bajarib, serverda kod ishga tushirgan. Qoida: logger kiritilgan matnni faqat ma'lumot deb ko'rsin.
  • Logni to'ldirish. Millionlab soxta qator — disk to'ladi, haqiqiy hodisa shovqinda yo'qoladi. CSP hisobotlari uchun daqiqalik chegara shunga qarshi qo'yilgan edi (Content Security Policy chuqur).

5. Kanon tajribasi: hodisalar Loki'da

5.1 Stend

Kurs tajribasida (IlmHamroh, 2026-11) lokal stend yig'ildi: Loki 3.7.9 (34-qismdagi sozlama + ruler), Alertmanager v0.34.2 va pochta o'rniga lokal Mailpit. Hammasi 127.0.0.1 da.

Loglarni Loki'ga Alloy olib borishi kerak edi (Log agregatsiya). Lekin Alloy image'i sekin tarmoqda 590 s ichida yuklanmadi. O'rniga kichik Node skripti yozildi: u jonli serverning log faylini har soniyada o'qiydi va Loki push API'siga yuboradi. Yorliqlar Alloy'dagidek: faqat ilova va daraja. Grafana ishlatilmadi, LogQL so'rovlari to'g'ridan-to'g'ri Loki API'siga yuborildi.

flowchart LR
  A["api: pino + redact"] --> F[log fayli]
  F --> P["push skripti"]
  P --> L[Loki]
  L --> R["ruler: LogQL, 15 s"]
  R --> M[Alertmanager]
  M --> X["pochta: Mailpit"]

Diagrammaga qarang: maxfiy qiymat birinchi tugundayoq yashiriladi. Keyingi bo'g'inlar — fayl, Loki, xat — uni hech qachon ko'rmaydi. Alert esa oxirgi uch bo'g'inning har biri ishlagandagina odamga yetadi.

5.2 Hodisalar

Jonli serverga to'rt xil hodisa yuborildi:

text
## 2026-11-08T17:58:52+05:00 — hodisalar generatsiyasi
brute force (aziz, 25 urinish)     | 25 noto'g'ri login → {"401":5,"429":20} | p50 20 ms, max 393 ms | /health/ready 200 | sessiyali GET /v1/vazifalar -
idor.mjs (31 urinish: 404/403/422) — bajarildi
dilnoza → /v1/admin × 25
csp hisobot — 1
kutish: loki ruler (evaluation 15 s)

Birinchi qator: Aziz hisobiga 25 ta noto'g'ri parol. Beshtasi 401 oldi, keyin tezlik cheklovi ishladi va 20 tasi 429 oldi. Uchinchi qator: oddiy foydalanuvchi Dilnoza admin yo'liga 25 marta urindi. To'rtinchisi: bitta CSP hisoboti, uning URL'larida ataylab token=SIR123 va sessiya=abc bor. Ikkinchi qatordagi IDOR skripti haqida — pastda «Natijani halol o'qish» bo'limida.

5.3 LogQL bilan sanash

text
sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"} | json | req_url=~"/v1/auth/kirish.*" | res_status="401" [10m]))
  → {} = 5
sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"} | json | req_url=~"/v1/auth/kirish.*" | res_status="429" [10m]))
  → {} = 21
sum by (res_status) (count_over_time({ilova="vazifalar-api"} | json | res_status=~"4.." [10m]))
  → {"res_status":"401"} = 5; {"res_status":"403"} = 25; {"res_status":"429"} = 21
sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"} |= "csp-buzilish" [10m]))
  → {} = 1

Qatorlar uzun — kanon chiqishidan aynan. | json pino qatorini maydonlarga ajratadi: req.url → req_url, res.status → res_status (Log agregatsiya darsida ko'rgansiz). 401 — 5, 403 — 25, CSP — 1. Hammasi kutilgandek. Faqat 429 — 21, 20 emas.

5.4 Natijani halol o'qish: 21 ta 429

Brute force skripti o'zi 20 ta 429 sanadi. Loki 21 tani ko'rsatdi. Bitta ortiqcha 429 qayerdan?

Chiqishning ikkinchi qatorida IDOR skripti "bajarildi" deyilgan. Lekin u shu yerda ishlamadi. U avval Aziz nomidan kiradi, Aziz hisobi esa hozirgina brute force tufayli cheklovga tushgan edi. Uning kirish so'rovi ham 429 oldi va skript to'xtadi. Shuning uchun ortiqcha bitta 429 bor, IDOR'ning 404 lari esa yo'q. 403 lar ham aniq 25 ta — hammasi Dilnozaniki.

Ikki saboq bor. Birinchisi: skriptning "bajarildi" yozuvi natija emas — u faqat skript tugaganini aytadi. Ikkinchisi: Loki'dagi son kutilganidan katta bo'lsa — bu ma'lumot, kimdir yana urinib ko'rgan. Haqiqiy hayotda tergov aynan shunday ortiqcha qatordan boshlanadi.

5.5 Maxfiy qiymatlar logda bormi

Endi teskari savol: logda nima bo'lmasligi kerak? Sakkizta qidiruv, har biri |= — matn bo'yicha qidirish:

text
=== PII / sir tekshiruvi (logda bo'lmasligi kerak — 0)
  |= "aziz@example.com" → 0 (natija yo'q)
  |= "dilnoza@example.com" → 0 (natija yo'q)
  |= "notogri-parol" → 0 (natija yo'q)
  |= "Bahor-choyxona" → 0 (natija yo'q)
  |= "sessiya=" → 0 (natija yo'q)
  |= "SIR123" → 0 (natija yo'q)
  |= "sessiya=abc" → 0 (natija yo'q)
  |= "authorization" → 0 (natija yo'q)

Sakkiztadan sakkizta — 0. Email'lar URL'da emas, tanada edi, tana esa logga tushmaydi. Noto'g'ri parollar va namuna parol ham tanada. CSP hisobotidagi SIR123 va sessiya=abc — kollektor URL'dan faqat origin va yo'lni oladi (Content Security Policy chuqur). authorization so'zi umuman yo'q: serializer sarlavhalarni olmaydi.

Bu tekshiruvning qiymati — u logning o'zida qilingan. Kod ko'rib chiqish "teshik bormi?" deb so'raydi, log qidiruvi esa "sizish bo'ldimi?" deb so'raydi. Ikkalasi kerak.

6. Alert qoidalari

6.1 Loki ruler

Uptime monitoring va alerting darsida alertlarni Prometheus metrikalari ustiga yozgan edik. Xavfsizlik hodisalari esa ko'pincha metrika emas, log qatori. Loki ruler — Loki ichidagi qism: LogQL so'rovini muntazam (bizda har 15 s) bajaradi va natija shartga mos kelsa, Alertmanager'ga alert yuboradi. Qoida formati Prometheus'nikiga o'xshaydi, faqat ifoda — LogQL.

Kanon stendidagi to'rt qoida (uzun ifodalar qatorlarga bo'lindi, mazmuni aynan):

yaml
groups:
  - name: xavfsizlik
    rules:
      - alert: KirishBruteForce
        expr: >-
          sum by (ip) (count_over_time({ilova="vazifalar-api"}
          | json | req_url=~"/v1/auth/kirish.*"
          | res_status=~"401|429"
          | label_format ip="{{.req_ip}}" [1m])) > 10
        for: 0m
        labels: { severity: warning }
        annotations:
          summary: >-
            Bitta IP dan 1 daqiqada 10+ muvaffaqiyatsiz
            kirish: {{ $labels.ip }}
      - alert: RuxsatRadKop
        expr: >-
          sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"}
          | json | res_status="403" [5m])) > 20
        for: 0m
        labels: { severity: warning }
        annotations:
          summary: >-
            5 daqiqada 20+ ta 403 (IDOR/imtiyoz urinishlari?)
      - alert: TezlikChekloviKop
        expr: >-
          sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"}
          | json | res_status="429" [5m])) > 30
        for: 0m
        labels: { severity: info }
      - alert: CspBuzilish
        expr: >-
          sum(count_over_time({ilova="vazifalar-api"}
          |= "csp-buzilish" [5m])) > 0
        for: 0m
        labels: { severity: info }

>- — YAML'da qatorlarni bitta bo'shliq bilan qo'shadigan blok, shuning uchun Loki aynan bitta qatorli ifodani oladi. Qoidalarni o'qiymiz:

  • KirishBruteForce — bitta IP'dan 1 daqiqada 10 dan ortiq 401 yoki 429. label_format ip=… IP'ni JSON maydonidan alert yorlig'iga ko'chiradi — xatda qaysi IP ekani ko'rinadi. Loki oqim yorlig'i emas, faqat shu so'rov natijasida: kardinallik muammosi yo'q.
  • RuxsatRadKop — 5 daqiqada 20 dan ortiq 403. Bu IDOR qidirayotgan yoki admin yo'llarini sanayotgan odamning izi (Broken Access Control).
  • TezlikChekloviKop — 5 daqiqada 30 dan ortiq 429. Kim bo'lsa ham, chegaraga ko'p urilyapti.
  • CspBuzilish — bitta buzilish ham. Normal holatda bu 0 bo'lishi kerak, shuning uchun har biri ko'rib chiqiladi.

for: 0m — shart bajarilishi bilan darhol firing. 401 kabi shovqinli hodisalarda chegara va oyna for ning ishini qiladi.

6.2 Oyna modeli

KirishBruteForce'ning mantig'ini kichik modelda ko'ramiz. Hujumchi 2 soniyada bir urinadi, 25 marta. Ruler esa ikki paytda tekshiradi: hujumdan keyin darhol va bir daqiqa o'tib:

js
const hodisalar = [];
for (let i = 0; i < 25; i++) {
  const status = i < 5 ? 401 : 429;
  hodisalar.push({ t: i * 2, ip: "203.0.113.7", status });
}
hodisalar.push({ t: 30, ip: "198.51.100.4", status: 401 });

function bruteForce(hodisalar, hozir, oynaS, chegara) {
  const soni = {};
  for (const h of hodisalar) {
    if (h.t <= hozir - oynaS || h.t > hozir) continue;
    if (h.status !== 401 && h.status !== 429) continue;
    soni[h.ip] = (soni[h.ip] ?? 0) + 1;
  }
  return Object.entries(soni).filter(([, n]) => n > chegara);
}

console.log(bruteForce(hodisalar, 50, 60, 10));
console.log(bruteForce(hodisalar, 120, 60, 10));

Konsolda:

text
[ [ '203.0.113.7', 25 ] ]
[]

hozir = 50 s: oxirgi 60 soniyada hujumchi IP'sidan 25 ta xato — alert. Bitta xato qilgan boshqa foydalanuvchi chegaradan past. hozir = 120 s: oyna hujumdan o'tib ketdi, natija bo'sh — alert o'zi yopiladi. Hujum to'xtamagan bo'lishi ham mumkin — shunchaki oyna ichida qolmadi. Bu xulq keyingi bo'limda bizni chalg'itdi.

Object.entries — obyektni [kalit, qiymat] juftlariga aylantiradi, [, n] — birinchi elementni tashlab, ikkinchisini olish (Massiv destructuring).

6.3 Biz shunday xato qildik: brute force xati kelmadi

Ruler holati va Mailpit'ga kelgan xatlar:

text
=== Loki ruler: faol alertlar
  KirishBruteForce firing "127.0.0.1" activeAt 2026-11-08T12:59:05.704369017Z
  RuxsatRadKop firing "" activeAt 2026-11-08T12:59:05.704369017Z
  CspBuzilish firing "" activeAt 2026-11-08T12:59:05.704369017Z
loki'ga yuborildi: 54 qator
Mailpit xatlari: 39
Alertmanager → Mailpit: 2 xat
  2026-11-08T13:03:05.708Z | [FIRING:1] CspBuzilish (info)
  2026-11-08T13:03:05.708Z | [FIRING:1] RuxsatRadKop (warning)

Uchta alert firing, TezlikChekloviKop esa yo'q: 21 ta 429 chegara 30 dan past. Bu to'g'ri. "Mailpit xatlari: 39" — qutidagi hamma xatlar, ulardan faqat ikkitasi Alertmanager'dan.

Muammo — xatlar ikkita, alertlar uchta. Eng muhimi, brute force xati kelmadi. Vaqtlarga qarang. Alertlar 12:59:05 da faollashgan, xatlar esa 13:03:05 da yuborilgan — 4 daqiqa keyin. Kurs tajribasida Alertmanager ruler'dan keyin ishga tushirilgan edi — bu bizning tartib xatoimiz. U ko'tarilguncha 1 daqiqalik oyna allaqachon o'tib ketgan va KirishBruteForce yopilgan edi. 5 daqiqalik oynali ikki qoida hali firing edi — ularning xati keldi.

Haqiqiy hayotda ham shunday bo'ladi: hujum Alertmanager qayta ishga tushayotgan paytga to'g'ri keladi. Uchta xulosa:

  • Qisqa oynali alert — mo'rt. Brute force uchun 1 daqiqa sezgir, lekin yetkazish zanjiri bir daqiqa uzilsa, xat yo'q. Muhim alertni ikki oyna bilan yozing: tez (1 daqiqa) va sekin (15 daqiqa).
  • Yetkazish zanjirini ham kuzating. Doim yonib turadigan sinov alerti (Prometheus dunyosida "Watchdog") yuboring. U kelmay qolsa, alert tizimi buzilgan (Uptime monitoring va alerting darsidagi "kuzatuvchini kim kuzatadi").
  • Alertni sinab ko'ring. Qoida yozildi — demak, haqiqiy hodisa bilan oxirigacha, xatgacha sinalsin. Ruler'dagi firing hali odamga yetganini anglatmaydi.

7. Topilma: 429 auth jurnaliga tushmaydi

Loki 20 dan ortiq 429 ni ko'rdi. Auth jurnalida esa bu urinishlar yo'q. Sababi kod tartibida. Tezlik cheklovi — Nest guard'i, u ishlovchidan oldin ishlaydi. src/auth/cheklov.guard.ts dan bitta qator:

text
if (!eng.ruxsat) throw new CheklovXatosi(eng.tiklanishS);

Guard 429 xatosini tashlaydi va so'rov ishlovchiga yetmaydi. kirish_xato yozuvi esa ishlovchi ichida, parol tekshirilgandan keyin yoziladi. Natija: auth jurnalida brute force'ning faqat boshi qoladi — limitgacha bo'lgan beshta urinish. Qolgani faqat HTTP logda, u esa 7 kunda o'chadi.

429 — rad etilgan urinish, zarar yo'q-ku? Lekin tergov boshqa savol beradi: "hujumchi qancha urindi, qaysi IP'lardan, qancha davom etdi?" Bir haftadan keyin bunga javob yo'q.

Bu kamchilik kanonda tuzatilmadi va qism oxiridagi auditda qoldiq xavf sifatida yozildi (Xavfsizlik audit checklisti). Qoldiq xavf — bilib qabul qilingan va hujjatlangan xavf. Tuzatish varianti: guard 429 qaytarganda auth jurnaliga ham yozsin. Lekin har urinish uchun emas, daqiqasiga bir jamlama qator. Aks holda hujumchi jurnalni to'ldiradi — log injection'ning "to'ldirish" shakli.

8. Saqlash muddati

Logni qancha saqlash kerak? Ikki talab bir-biriga qarshi tortadi:

  • Tergov uzoq saqlashni xohlaydi. Ko'p buzilish oylar o'tib aniqlanadi.
  • Maxfiylik qisqa saqlashni talab qiladi. IP va user agent — shaxsga doir ma'lumot, ularni keragidan uzoq saqlash qonun bilan cheklanadi (Shaxsiy ma'lumotlar qonunchiligi).

Kanon ikkalasini manba bo'yicha ajratib hal qiladi. HTTP log (hamma so'rov, eng ko'p hajm) — 7 kun. Auth jurnali (faqat xavfsizlik hodisalari) — 180 kun, keyin auth_tozala() o'chiradi. Hisob o'chirilganda esa uning auth yozuvlaridan IP va user agent darhol tozalanadi, hodisaning o'zi qoladi. Audit jurnali uzoq saqlanadi, lekin unda IP yo'q: aktyor id'si, amal va obyekt.

Qoida: muddat "qancha joy bor" bilan emas, "bu ma'lumot qaysi savolga, qachongacha javob beradi" bilan tanlanadi. Har muddatga tozalovchi ish kerak — hech narsa o'chirmaydigan muddat muddat emas.

Diqqat: Log tizimining o'zi ham nishon. Loki va Grafana portlari faqat 127.0.0.1 da bo'lsin, Grafana'ga parol qo'yilsin. Loglarni o'qiy oladigan odam — foydalanuvchilar IP'larini va tizimning ichki tuzilishini ko'radi.

9. Loyiha qadami

Bu darsda loyiha kodi o'zgarmaydi. Kanonda log qatlami allaqachon to'g'ri: strukturali JSON, redact, tanasiz serializer, uch jurnal. Alert qoidalari laboratoriya faylida sinaldi va loyihaga kirmadi.

O'z loyihangizda tekshiring:

  1. redact ro'yxatini «Biz ishga tushirdik» bo'limidagi besh holat bilan sinang. Ichma-ich obyekt va katta harfli kalit ham bo'lsin.
  2. Lokal stack'da noto'g'ri parol bilan 15 marta kiring va Loki'da |= "<namuna parol>" qidiring. Natija 0 bo'lishi kerak.
  3. Loki ruler yoqilgan bo'lsa (ruler bo'limi va alertmanager_url), yuqoridagi to'rt qoidani qo'shing va alertni xatgacha sinang.
  4. Qaysi hodisa qaysi jurnalga tushishini jadval qilib docs/XAVFSIZLIK.md ga yozing. 429 ustunini unutmang.

Diqqat: Brute force va IDOR skriptlarini faqat o'z lokal stack'ingizda ishga tushiring. Begona saytga yuborilgan "sinov" urinishi ham ruxsatsiz kirishga urinish hisoblanadi.

10. Hujumchi nigohi

Hujumchi loglarga ikki tomondan qaraydi: ular uni sezmasin va ulardan foyda olsin.

  • Sekin va tarqoq urinish. Bitta IP'dan daqiqasiga 10 ta emas, 50 ta IP'dan soatiga bittadan. Bitta IP bo'yicha alert jim qoladi. Himoya — email bo'yicha ham sanash (2-mashqda).
  • Izni o'chirish. Serverga kirgan hujumchi birinchi navbatda loglarni tozalaydi. Himoya — loglarni darhol boshqa tizimga jo'natish va audit jurnalining hash zanjiri.
  • Shovqin ostida yashirish. Minglab 404 bilan logni to'ldirib, bitta muvaffaqiyatli kirishni ko'mib yuborish. Himoya — chegara, info/warn darajalarining aniq ma'nosi.
  • Logdan o'g'irlash. Ochiq Grafana yoki eski zaxiradagi log — parol va token qidirish uchun birinchi joy.
  • Log injection. Soxta "kirish ok" qatori bilan tergovni chalg'itish.

11. Ko'p uchraydigan xatolar

11.1 Butun so'rovni logga yozish

log.info({ req }) yoki log.info({ body }) — tanadagi parol, sarlavhadagi token bilan birga. Kerakli maydonlarni tanlab yozing.

11.2 redact ga to'liq ishonish

* — bitta daraja, yo'llar katta-kichik harfni farqlaydi, xabar matni tekshirilmaydi. Logning o'zida qidirib tekshiring.

11.3 Matnli log

Yangi qator bilan soxta yozuv qo'shish oson. JSON log — har maydon ekranlanadi.

11.4 Alert bor, xat yo'q

Ruler'da firing — odamga yetdi degani emas. Yetkazish zanjirini sinang va kuzating.

11.5 Bitta manbaga tayanish

HTTP log tez, lekin qisqa yashaydi. Auth jurnali uzoq yashaydi, lekin hammani ko'rmaydi. Tergov uchun ikkalasi kerak.

12. Mashqlar

Mashqlar kurs/mashqlar/35/09-xavfsizlik-loglari/ da. 2-mashq Node 24.21.0 da, 3-mashq Git Bash'da tekshirilgan (biz ishga tushirdik).

1-mashq (oson): bo'shliqlarni to'ldiring

  • Hujumchi yangi qator bilan logga soxta yozuv qo'shadi — log
  • Pino'da maxfiy maydonni almashtiradigan sozlama —
  • *.parol qoidasidagi * nechta darajani bildiradi? —
  • LogQL qoidalarini muntazam bajarib, alert yuboradigan Loki qismi —
  • Kanonda tezlik cheklovi rad etgan urinishlar qaysi jurnalga tushmaydi? — jurnaliga
Yechim
  • injection — log injection; JSON log yangi qatorni \n qilib ekranlaydi.
  • redact — redact: { paths, censor }.
  • 1 — tana.parol ushlanadi, sorov.tana.parol — yo'q.
  • ruler — har 15 s LogQL bajaradi va Alertmanager'ga yuboradi.
  • auth — guard 429 ni ishlovchidan oldin qaytaradi; urinish faqat HTTP logda qoladi.

2-mashq (o'rta): tarqoq brute force

Hujumchi bitta hisobni 6 ta IP'dan, har biridan 2 martadan sinaydi. Bitta IP bo'yicha alert (chegara 10) jim qoladi. taqsimlangan(hodisalar, chegara, minIp) funksiyasini yozing: muvaffaqiyatsiz urinishlarni (401, 429) email bo'yicha guruhlasin. Urinishlar soni chegara dan ko'p va turli IP'lar soni kamida minIp bo'lsa, "<email>: N urinish, M IP" satrini qaytarsin. Oldin bitta IP'dan eng ko'p urinish sonini ham chiqaring.

Ishora: turli IP'larni sanash uchun Set qulay — add() takrorni qo'shmaydi, size — soni (Set). Email bo'yicha guruh — Map (Map).

Yechim
js
const hodisalar = [];
const ipLar = ["198.51.100.1", "198.51.100.2", "198.51.100.3",
  "198.51.100.4", "198.51.100.5", "198.51.100.6"];
for (const ip of ipLar) {
  for (let i = 0; i < 2; i++) {
    hodisalar.push({ email: "dilnoza@example.com", ip, status: 401 });
  }
}
hodisalar.push({
  email: "aziz@example.com",
  ip: "203.0.113.7",
  status: 401,
});

function taqsimlangan(hodisalar, chegara, minIp) {
  const hisob = new Map();
  for (const h of hodisalar) {
    if (h.status !== 401 && h.status !== 429) continue;
    const x = hisob.get(h.email) ?? { soni: 0, ipLar: new Set() };
    x.soni++;
    x.ipLar.add(h.ip);
    hisob.set(h.email, x);
  }
  const natija = [];
  for (const [email, x] of hisob) {
    if (x.soni > chegara && x.ipLar.size >= minIp) {
      const ipSoni = x.ipLar.size;
      natija.push(`${email}: ${x.soni} urinish, ${ipSoni} IP`);
    }
  }
  return natija;
}

const ipBoyicha = {};
for (const h of hodisalar) {
  ipBoyicha[h.ip] = (ipBoyicha[h.ip] ?? 0) + 1;
}
const engKop = Math.max(...Object.values(ipBoyicha));
console.log("eng ko'p bitta IP'dan:", engKop);
console.log(taqsimlangan(hodisalar, 10, 3));

Konsolda:

text
eng ko'p bitta IP'dan: 2
[ 'dilnoza@example.com: 12 urinish, 6 IP' ]

Bitta IP'dan ko'pi bilan 2 urinish — IP bo'yicha qoida hech qachon ishlamaydi. Email bo'yicha esa 12 urinish va 6 IP aniq ko'rinadi. Aziz bitta xato qilgan — u ro'yxatda yo'q. LogQL'da shunga o'xshash qoida sum by (email) bilan yoziladi. Lekin HTTP logda email yo'q (u PII), shuning uchun haqiqiy loyihada bunday sanoq auth jurnali ustida qilinadi — u yerda foydalanuvchi id'si bor.

3-mashq (qiyin): log fayli auditi

Bash skript yozing. U avval log.jsonl ni yaratsin: sakkiz qator qisqartirilgan pino JSON'i (daraja, IP, status) — ular orasida bitta yashirilgan va bitta yashirilmagan parol. Keyin awk bilan: har IP bo'yicha 401/429 soni (3 dan ko'p bo'lsa chiqarilsin), har IP bo'yicha 403 soni va yashirilmagan parolli qatorlar sonini chiqarsin.

Ishora: match($0, /"ip":"[^"]*"/) topsa, RSTART va RLENGTH mos qismning boshi va uzunligi bo'ladi; substr bilan qo'shtirnoqlarsiz qiymatni kesib oling. "401}}" + 0 gawk'da 401 soniga aylanadi.

Yechim
bash
cat > log.jsonl <<'TXT'
{"daraja":"warn","req":{"ip":"203.0.113.7"},"res":{"status":401}}
{"daraja":"warn","req":{"ip":"203.0.113.7"},"res":{"status":401}}
{"daraja":"warn","req":{"ip":"203.0.113.7"},"res":{"status":429}}
{"daraja":"warn","req":{"ip":"203.0.113.7"},"res":{"status":429}}
{"daraja":"info","req":{"ip":"198.51.100.4"},"res":{"status":200}}
{"daraja":"warn","req":{"ip":"198.51.100.4"},"res":{"status":403}}
{"daraja":"info","tana":{"parol":"[yashirildi]"}}
{"daraja":"info","sorov":{"tana":{"parol":"Bahor-choyxona"}}}
TXT
awk '
{
  ip = ""; st = ""
  if (match($0, /"ip":"[^"]*"/))
    ip = substr($0, RSTART + 6, RLENGTH - 7)
  if (match($0, /"status":[0-9]+/))
    st = substr($0, RSTART + 9) + 0
  if (st == 401 || st == 429) son[ip]++
  if (st == 403) rad[ip]++
  if ($0 ~ /"parol":"/ && $0 !~ /\[yashirildi\]/) ochiq++
}
END {
  for (k in son) if (son[k] > 3) print "kirish xatosi " k ": " son[k]
  for (k in rad) print "403 " k ": " rad[k]
  print "ochiq parol qatorlari: " (ochiq + 0)
}' log.jsonl

Biz ishga tushirdik:

text
kirish xatosi 203.0.113.7: 4
403 198.51.100.4: 1
ochiq parol qatorlari: 1

"ip":" — 6 belgi, shuning uchun RSTART + 6 dan boshlab, oxiridagi qo'shtirnoqsiz (RLENGTH - 7) kesamiz. Oxirgi qator — «Biz ishga tushirdik» bo'limidagi ikki darajali teshik: redact uni ushlamagan, awk esa topdi. Bunday tekshiruvni CI'da namunaviy log ustida yoki serverda kunlik ish sifatida yurgizish mumkin.

13. Real ishda

  • SIEM (Security Information and Event Management — xavfsizlik hodisalarini yig'ish va tahlil qilish tizimi): katta kompaniyalarda Splunk, Elastic Security, Microsoft Sentinel, Wazuh. Ular ko'p manbadagi loglarni bog'laydi: server, ilova, firewall, VPN. Loki ruler — shuning kichik, arzon ko'rinishi.
  • SOC (Security Operations Center) — alertlarga 24/7 qaraydigan jamoa. Kichik loyihada bu odatda bitta dasturchi va uning Telegram kanali. Shuning uchun alertlar kam va aniq bo'lsin.
  • OWASP Logging Cheat Sheet — nimani yozish va nimani yozmaslik bo'yicha amaliy ro'yxat, kod ko'rib chiqishda qulay.
  • Intervyu savollari: "Logga nimani yozish mumkin emas?", "Log injection qanday ishlaydi?" Yana: "Tarqoq brute force'ni qanday sezasiz?", "Audit log va oddiy log farqi nima?"

Xulosa

  • Uch jurnal, uch vazifa: HTTP log — alert (7 kun), auth jurnali — tergov (180 kun), audit jurnali — javobgarlik (faqat qo'shiladi).
  • Parol, token, cookie, kalit va kodlar logga tushmaydi. Pino redact — oxirgi chiziq: * bitta daraja, harf farqlanadi, xabar matni tekshirilmaydi.
  • Log injection'dan himoya — strukturali JSON log va logger kiritilgan matnni faqat ma'lumot deb ko'rishi.
  • Kanon tajribasi: 401 — 5, 403 — 25, 429 — 21, CSP — 1; sakkizta maxfiy qiymat qidiruvi — hammasi 0; uchta alert firing.
  • Brute force xati kelmadi: 1 daqiqalik oyna yetkazish zanjiri ko'tarilgunicha yopildi. Alert xatgacha sinaladi, zanjirning o'zi ham kuzatiladi.
  • 429 lar auth jurnaliga tushmaydi — qoldiq xavf; tergov uchun ikkala manba kerak.

Keyingi dars: Noto'g'ri sozlash (A02) va server/konteyner xavfsizligi — sshd, Compose va Kubernetes sozlamalarini lynis va trivy bilan tekshiramiz.

Manbalar

35-qism. Xavfsizlik · 9-dars yakunlandi

Xavfsizlik loglari va alertlar (A09): nimani yozish, nimani yashirish va hujumni sezish

22 daqvaqt
0belgi
Keyingi dars: Noto'g'ri sozlash (A02) va server/konteyner xavfsizligi: lynis, trivy va o'qish auditi
Telegram'da
Darsda xato koʻrdingizmi?

Izohlar · 0